Abdulla Qodiriy 1926-yilda nega sudlangandi va sudda nima degandi?
Abdulla Qodiriy 1926-yilda nega sudlangandi va sudda nima degandi?
Abdulla Qodiriy ikki marta sudlangan. Ikkinchi sudning 1938-yil 5-oktabrdagi qarori bilan u otuvga hukm qilingan. Dahshatli tomoni shundaki, Qodiriy unga hukm o'qilishidan bir kun avval — 4-oktabrda o'zbekning o'nlab boshqa oydinlari qatorida qatl qilib bo'lingan edi. Qodiriy bu ish bo'yicha 1956-yil 9-oktabrda oqlangan.

Qodiriy hayotidagi birinchi sud esa 1926-yil iyunida bo'lgan. O'sha yil bahorida u "Mushtum" jurnalida e'lon qilingan "Yig'indi gaplar" maqolasi uchun O'zbekiston yetakchilarini, aniqrog'i, respublikaning de-yure eng oliy rahbari Yo'ldosh Oxunboboyev va de-fakto eng katta rahbari Akmal Ikromovni obro'sizlantirishda ayblanib, qamoqqa olingan edi.

O'zbekiston Oliy sudining 1926-yil 16-iyun kuni Samarqandda bo'lib o'tgan majlisi hukmiga ko'ra, Abdulla Qodiriy aybdor deb topilib, ikki yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Ammo o'sha vaqtdagi O'zbekiston parlamentining 17-iyundagi qarori bilan jazoni o'tamay, ozod qilinadi.

Qodiriy o'shanda faqat jazodan ozod qilingan, ammo aybdorligicha qolavergan, oqlanmagan. U bu ish bo'yicha O'zbekiston Oliy sudining 2023-yil 1-dekabrdagi qarori bilan to'la oqlandi. Bu so'nggi bir yilda O'zbekistonda yuz bergan Abdulla Qodiriy nomi bilan bog'liq eng muhim voqeadir.
реклама
реклама
Aprel oyida buyuk ijodkor tavalludiga 130 yil to'lgani munosabati bilan "Gazeta.uz" Abdulla Qodiriyning 1926-yilgi sud majlisidagi nutqini e'lon qiladi. Nutq matni uning o'g'li Habibulla Qodiriy tomonidan yozilgan "Otam haqida" kitobining 2017-yili "Info Capital Group" nashriyoti tomonidan chop etilgan Qodiriy to'plamiga kiritilgan talqinidan olindi. Bunda sudlanishga sabab bo'lgan maqola va uning atrofidagi boshqa tafsilotlar ham keltirilgan.
Mushkul kunlar
Julqunboy bilan G'ozi Yunus orasida bo'lib o'tgan o'zaro munozaradan so'ng ko'p vaqt o'tmay matbuotda yana bir munozara boshlanadi. Natija Qodiriy boshiga ko'ngilsiz voqeani soladi. Bu voqeani men yaxshi xotirlayman.
Abdulla Qodiriy o'g'li Habibulla Qodiriy bilan birga. 1922-yil.
…Erta bahor edi. Bir kun kechki payt shahar mahallamiz choyxonasi oldida o'ynardim. Dadam choyxonada ulfatlari bilan o'tirardi. Shahar tomondan ikki kishi kelib, choyxona qarshisida to'xtadi. Keluvchilarning birisi qisqa qora charm paltoli tatar, ikkinchisi uzun shinelli rus soldat edi. Ular choyxo'rlardan nimadir so'radilar. Dadam javob qilib o'rinlaridan turdilar va ular bilan birgalashib uyimizga ketdilar. Ularning ketidan men ham ergashdim. Mehmonlar dadamning yozuv xonasiga kirib, birisi sandal ustidagi yozuv qog'ozlarni, tokchadagi kitoblarni titkilab ko'ra boshladi. Dadam bo'lsa ularning ba'zi so'roqlariga javob qilib, bir chekkada jim turardilar. Narigi uyda o'tirgan bibim nimadandir shubhalanganday, "mehmonlar" oldiga kirmasa ham, uy eshigi oldiga dam-badam kelib qaytar, "Kim keldi?" deb mendan so'rardi. Men quvonib: "Dadamning o'rtoqlari", derdim.

Bir vaqt ular sandal ustidagi qog'ozlarni yig'ishtirib oldilarda, hovliga chiqdilar. Dadam ham o'rog'lik ko'rpa-yostiq ko'tarib ketindan chiqdilar. Bibimni chaqirib: "Oyi, men uch-to'rt kunga bir joyga borib kelaman, tashvishlanmang", dedilar va ko'chaga chiqdilar.

Dadam ketidan bibim negadir yig'lab, o'zini yerga tashlab yubordi. Keyin anglasam, dadam hibs etilgan ekanlar…

1926-yilning boshlarida "Mushtum" jurnalida Qodiriyning "Yig'indi gaplar" nomli bir maqolasi bosiladi va bu maqola o'z davrida ahillar orasida birmuncha gap-so'z, mulohazalarga sabab bo'ladi (bu maqola to'g'risida hozirgi kunda ham ba'zi keksalar va ulardan eshitgan yoshlar qosh-ko'z qo'yib so'zlab yuradi). Biz bu maqolaning tahlil-tafsilidan oldin, to'liq holda uni o'quvchilar e'tiboriga havola qilamiz.

Olaqargʻa
Olaqargʻa - kelgindi
Oʻchoqboshi
Oʻchoqboshi - hukumat
Sarkor
Sarkor - rahbar
Madanglik
Madanglik - madaniy
Murassaʼ
Murassaʼ - qiymatli toshlar bilan bezalgan, maʼruzachining soʻzida bu soʻz murabba (kvadrat) deb berilgan.
Ushbu maʼruza "Qizil Oʻzbekiston" gazetasining 1926-yil 4-fevral, 29-sonida bosilgan
Faroyizxonlik
Faroyizxonlik - hisobchilik
Chaqirim
Chaqirim - 1,06 kilometrga teng uzunlik oʻlchovi
Chaman ot
Chaman ot - qirchangʻi, sekin yuradigan ot yoki eshak
Maʼlumki, safardagi odam roʻza tutmaydi, roʻzangni ochaver, baribir yetib borolmaysan, demoqchi.
Mirzaboshi
Mirzaboshi xizmatkor, malay.
Oyoq yigʻmaslik, yoʻldan, niyatdan qaytmaslik.
Bu yerda chet ellardan va markazdan kelayotgan mehmonlar nazarda tutilyapti.
1926 va 1927-yillarda Toshkentda Oʻzbekiston madaniyat va maorif xodimlarining qurultoyi boʻlib oʻtadi. Qurultoyda bolsheviklarning mamlakatda oʻtkazayotgan bir necha xil kampaniyalaridan biri - ziyolilar masalasi koʻriladi. Unda ziyolilar ikki guruhga: proletar va eski ziyolilar guruhiga boʻlinadi. Eskilarga millatchi, panturkchi yorliqlari osilib, ularga qarshi qattiq siyosiy hujum boshlanadi. Maxsus qarorlar qabul qilinib, eskilar sanʼat, adabiyot, matbuot ishlaridan, ayniqsa, rahbarlik lavozimlaridan chetlashtiriladi, baʼzilari taʼqib ostiga olinadi (arxivlarda bu ikki qurultoyga oid materiallar juda koʻp). Qurultoyni Akmal Ikromov maʼruza qilib ochadi, bu maʼruza "Qizil Oʻzbekiston" gazetasining 1926-yil 21-yanvar, 18-sonida bosilgan.
Istigʻfor
Istigʻfor - tavba qilmoq, kechirim soʻrash.
Shayx Saʼdiy
Shayx Saʼdiy Sheroziy (1203/1210–1292) – fors shoiri.
Kalila va Dimna
Kalila va Dimna - shahzodalarga taʼlim-tarbiya beruvchi, pand-nasihat uslubida yozilgan hindlarning "Panchatatra" kitobi. Bu yerda goʻyo Akmal Ikromov shahzodadek nazarda tutilyapti.
Mutakallim
Mutakallim – soʻzlovchi, notiq, oʻzimdan.
Osiy
Osiy - isyon, Allohning amrini bajarishdan bosh tortish, dindan qaytish, murtadlik.
Basirat
Basirat - koʻrish; koʻzni ochish.
Sarbasta
Sarbasta - mustahkam.
Muzhika
Muzhika - kuldirish.
Oʻnboshi
Oʻnboshi - oʻn besh askarning boshligʻi.
Choʻgʻol
Choʻgʻol - baquvvat, kuchli xizmatkor.
Yig'indi gaplar
"Mushtum" jurnalining 1926-yil 25-fevraldagi 2 (27)-soni, 2−3-betlar
O'qug'uchilar bilan dardlashmaganimga qariyb bir yarim oy bo'ldi.

Qaysi burchakda uxlab qolding, deb so'rama, jiyan.

Bu o'lkada nima ko'b ekan, uxlaydig'on burchak va unda o'mpayib, to'mpayib uxlag'uchi menga o'xshash ovsarlar! Men senga aytsam, o'zbekning ishchisi, dehqoni, maorifi, madaniyati, iqtisodi, shaltay-baltayi, xullas barchasi uxlaydi. Ammo o'choqboshini xoli topqon olaqarg'alar bo'lsa, xo'bam bilgan noma'qulchiligini qilayapti! Qilaversin, egasiga tovoq-qoshiq kerak bo'lsa, axir bir kun qatron-patron qilib olar-ov, og'ayni! Ish qilib o'lmasdan bahorga chiqib olsaq bo'pti… "O'psa netar, yuvsa ketar", degan ekan ota-bobo.

Men shu dunyodagi odamzodning kuydi-pishtisini temirtakda qiynab o'ldursam deyman:

Yerlilashdirish! O'zbeklashdirish! Falonchining vijdoniga kuydirgi chiqg'anmi? O'lib bo'ldikku! (To'ng'iz qo'psang yo'q, dedimmi!) Yaram yangilandi! Ko'rchipqonimni kimning oldida yoray?! (Buvingni oldida yor!) Mahallamdan munchasi ishsiz, falonchasi och! (Och bo'lsa kafanini hozirla!).

Ko'chaga chiqsang, ko'ringan kishidan eshitadirgan so'zing shu. Qulog'ingga paxta tiqmasang, boshqa iloji yo'q!

Voy o'sha kuydi-pishtini yig'ib, terib egam chaqirsin!

Haliku bu og'zaki g'ishg'isha. Ammo kechagi kun gazetda Oxunboboyevdek (suratda - tahr.) bitta sarkoringdan ham fe'lim aynay yozdi. Hammadan ham buniki qiziq.
Madanglik maorif xodimlari qurultoyida ma'ruza o'qib nima deydi, deng:
"Jumhuriyatimizda har 200 murassaʼ chaqirim yerga yoxud har 4909 odamg'a bitta maktab bor. Yoki o'qish yoshida bo'lg'on bolalarning har (emas xo'tuk) 979 tasiga bitta maktab to'g'ri keladir!".

Ana bu miyasi achimaganning gapiga qarang endi! Xudoga shukur qorning to'q, qayg'ung yo'q, bas, tinchkina faroyizxonlik qilmasdan oqsoqollig'ingni qilaversang bo'lmaydimi, usta Yo'ldosh!

Tuzik, chaqirim-paqirimingga manim ham qarshilig'im yo'q. Rahmatlik bo'boy: chaqirim bir tosh bo'ladi, bir toshni yaxshi oting bo'lsa bir soatda bosasan", deb aytar edi. Ikki yuz chaqiriming… hisobning kallasi minan 24 tosh bo'lsa, haligidek oting chaman bo'lmasa, bir qo'nib ertasiga tush chog'ida arang yetib borasan. Uloving eshak bo'lsa-ku niyatni safarga qilib ro'zangni bahuzur yeyaver! Gap qayerda edi, hali… ha, aytkandek har besh ming odamga bitta maktab yoxud 979 tagina uyida enasini zeriktirgan go'dakka bittagina ermak to'g'risida edi.

Shu zamonadagi ba'zi odamlarg'a ajab hayron qolaman. Bir ming bolag'a bitta maktab bo'lsa nimayu, o'n minggiga bitta to'g'ri kelsa, sen bilan menga nima hasrat! Basharti muddao mirzaboshilarni ko'paytirib, idoralarni yerlilashdirish bo'lsa, azbaroyi Lenin va Marks uzatkon oyog'ingni yig'ma! Ko'chaga chiqsang har qadamda bitta mirzaboshi, hasratidan chang burqiydi: ish yo'q, kuch yo'q, o'n to'qquzta yerlilashkan idoradan hafta o'tmay chirting-pirting qog'ozini olibdir. Rostini aytsam, "Qul o'lmas, rizqi kamimas" maqolini uncha-muncha odam to'qib tashlamag'an. Darhaqiqat, har besh mingiga bitta maktab bo'lsa ham bechoralar yig'lab, siqtab, yag'irig'a kul sepib, bir kunini ko'rayapti. Buning ustiga kun sayin tappa-tappa kelib turg'an beshik-belik va qadr hurmatlik mehmonlarg'a ham sirrini bergani ma'lum emas12. Endi har minggiga bitta maktab tushkan har besh mingning xo'tuklari ham bir kunini ko'rib ketar deb, o'ylaymiz. Bitta-yarimtaning o'chog'iga kosov bo'lar yoki otboqarmi, axlat qoqarmi, ishqilib bir balo bo'lar-ku! Bas, menga qolsa mundog' mayda gaplarning qayg'usini chekish ham arzimaydir.

Ensamni qotirg'on gaplarning yana bittasi anovi kun bo'lib kechkan madanglik maorif xodimchilarining qurultoyidir. To'g'risini aytkanda, ziyonlilarni foydalik qilish masalasidir. Lekin ashaddiy qahqahamga mujib bo'lg'an gap ham shunisi. O'rtoq Akmalcha (Akmal Ikromov, suratda - tahr.) Cho'lponboyning:
Ziyolimassen ziyonli hezlardan
Upa-elik oludasi qizlardan —
Oxund bobo o'g'li kabi er kerak,
Boyonlardan oling'usi yer kerak!

degan she'ri bilan ziyonlilarning aftiga tufurgani holda yana nima uchundir imoni susayib, "Hezlar tavba-tazarru' qilsa firqaning quchog'i ularga ochiq!", deb qo'yadir. Darhaqiqat, hezlardan bittasi tavba qilib, istig'for aytsa, Akmal jindak bu tavbaga ishonadimi, yo'qmi, hozircha uning ichiga kirib chiqg'an mahluq yo'q. Biroq bunga ishonar ekan Akmalingg'a aytadirgan ikki og'iz gapim bor:

Senga misol berish uchun Shayx Sa'diyning hikmatiga va yo Kalilaning Dimnasiga
murojaat qilib o'lturmayman. Misolni xudda naq mutakallimdan eshit:

Men har kuni Xudog'a to'qquz martaba osiy bo'lib, o'n sakkiz martaba tavba va istig'for aytaman. Isyonim bepoyon bo'lg'onidek, istig'forim ham hadsiz va lekin isyonsiz qolg'an soatimg'a juda oz uchrayman! Bas, onglag'ilkim, ey Akmal! Tavbaga bo'yin bukkan banda, bandalarning eng yaramasidir, qulliq bunyod qilg'on rasvo-rasvolarning eng ashaddiy rasvosidir. O'z butunlig'ini saqlay olmag'an boshqag'a en bo'laoladir, degan gapni hech bir kitobda uchratolmadim. Aytmakchimanki, tavbasi boshini yesin, sen bo'lsang ishingdan qolma, otingni chuh, de! Haqiqat oldida bo'yin egish tovbadir, o'zgasi g'ovg'adir!

Shu oralardag'i muhum hangamalarning yana bittasi "Milliy qo'shinning firqa konferensiyasi" deb arz qilsam, ehtimolki, hech kimning ko'ngliga og'ir kelmas. Nafsilamir, qilay desa ishi, yotay desa og'rig'i yo'q yigitlarimizni basharti muvofiq ko'rilsa va gazarmalaringiz bo'sh bo'lib, ko'ngillariga gap kelmasa, qo'llarig'a miltiq topilmag'anda ham bitta-bitta ketmandasta berib qo'riqchilikka qabul qilish chakki bo'lmas, deb xayol qilurmiz. Yana ra'yi o'zlarinikidir.

Yer islohoti munosabati bilan O'zbekistonda boshqa islohotlar ham yasalar emish, deb eshitdim. Darhaqiqat, mamlakatda islohotga muhtoj masalalar ko'bdir. Masalan, kattalarga aql va basirat islohoti, muharrirlarg'a til va ma'no, shoirlarga ilhom va uslub (ma'no bo'lmasa ham mayli), yoshlarg'a axloq va kiyim, xotinlarg'a jabru zulm, domlalarg'a din va salla, "Mushtum" yozishg'uchilarig'a faqat shaxslarning yoqasiga yopisha berishlik va boshqa mavzular to'g'risida o'ylab ham qaramaslik va hokazo islohotlarg'a nihoyat darajada ehtiyoj ko'bdir.

Ovsar (Abdulla Qodiriy)
Qodiriy, bu maqola bosilgach, O'zbekiston Jinoyat qonunlari majmuasining "Rahbar xodimlarni obro'sizlantirish…" moddasi bilan qoralanadilar. Biz bu ko'ngilsizlikdan xafa edik…
реклама
реклама
Mahallamizdagi Akbarxo'ja amaki, G'ulom Zafariy va ishxonadan G'ozi Yunus kabi yor-do'stlar tez-tez uyimizdan xabar olib, dadamning yaqin kunlarda qaytib kelishini aytib, bibimni yupatib, ko'ngil ko'tarib ketar edilar.

Oradan, chamasi, ikki hafta vaqt o'tgach, bir kun Akbarxo'ja aka shunday xabar topib keldi: "Dadang ochlik e'lon qilgan emish…". Buning sababini so'zlab o'tirmay, dadamning ochlik e'lon qilish to'g'risida turma boshlig'iga yozgan arxiv-arizasini quyida ko'chiramiz (ariza ruscha yozilgani uchun tarjima qilindi):
Men 8-martda hibsga olinganman. Shu choqqacha so'roqqa chaqirilmadim. Nima ayb qilganimni bilmayman va o'zimda biron ayb sezmayman. Mening ishim kimning qo'lidaligini aniqlashingizni va so'roqqa chaqirilishimni so'rayman. Yo'qsa, 24-martdan ochlik e'lon qilaman.
A.Qodirov. 1926-yil 22-mart
Tergovchining sustligidanmi yoki ariza e'tiborsiz qoldirilganidanmi, boshqa biron kuzatilgan maqsad yuzasidanmi, har holda, talab qondirilmaydi, shekilli, dadam, 24-martdan ochlik e'lon qiladilar.

Akbarxo'ja amaki va G'ulom Zafariy: "Abdulla taom qabul qilmayotgan emish", deb kun sayin xabar keltirar edilar. Bibim, ayniqsa, qayg'urar, ko'zyoshi qilardi. Tergov xodimlari: "Balki, u sizning so'zingizni tinglar, ayting, taom qabul qilsin", deb Akbarxo'ja amakimni dadam yoniga kiritardilar… Baribir, dadam garchi ochlikdan holsizlanib qolsalar ham, o'z so'zlarida qat'iy turadilar. Ochlik o'ninchi kunga yetgach, hammani tashvishga sola boshlaydi. Oxiri, tergov idorasining vakili Agidulin shunday qaror chiqaradi (qaror qisqartirib olindi):
72 p.ch. 105 UK moddalariga binoan hibsda o'tiruvchi Abdulla Qodirov bugun o'n kundirki, ochlik e'lon qilib yotadi va taom qabul qilmaydi. Uning og'ir ahvolini hisobga olib, qaror qilinadi: A.Qodirovni Toshkent turmasiga ko'chirib, kasalxonada davolansin. Taom qabul qilmasa, sun'iy ovqatlantirilsin
— Toshkent shahar. 1926-yil 3-aprel.
Dadam Toshkent turmasiga ko'chiriladilar. Doktorlarning nasihati, "Ishingizni tezlatishga kafilmiz", deb va'da berishlari natijasida, dadam nihoyat, o'n to'rtinchi kuni doktorlar nazoratida taom qabul qila boshlaydilar va tergov ishlari tez kunda tamomlanib, ish sudga oshiriladi.

Yodimda, dadam sud bo'lishini kutardilar. Bibim, men, Akbarxo'ja amakim bilan hafta sayin dadamni ko'rgani turmaga borar edik. Dadam bilan bir-yarim soat so'zlashib, taom berib qaytar edik. Dadam har gal oppoq, ozoda ko'ylak-kiyimda semirgan, xursand holda ko'rinar edilar.

Bir gal shunday bo'lgan edi: turma darbozasi oldida kirishga vaqt kutib o'tirardik. Qayoqdandir bir kishi kelib, Akbarxo'ja amakim bilan va paranjida o'tirgan bibim bilan so'rashdi (bu kishining ismi Rahmatulla, keyinchalik bir necha bor biznikiga mehmon bo'lib kelganida bilganman. U toshkentlik, dadamdan ancha yoshi katta, kasbi savdogarchilik edi). Rahmatulla amaki ham, savdo vajidan bo'lsa kerak, qamoqda, dadam bilan bir xonada turar ekan. Negadir bu kishiga kunduzi ishga borib kelishga ruxsat etilgan, shu choq u yumushdan qaytib, yotog'iga kirib ketayotgan ekan… Rahmatulla amaki bibimga dedi:

"Balki, sizlar hali bunda yana bir-ikki soat vaqt kutib qolarsizlar. Ungacha Habibulla men bilan dadasining oldiga kirib o'tira qolsin. Sizlar kirgach, qaytar…".

­ Bibim rozi bo'ldilar. Rahmatulla amaki meni yetaklab, darbozani taqillatib ichkariga kirdi. Darbozabon meni ko'rib, Rahmatulla amakiga nimadir so'zlab, e'tiroz qilganday bo'ldi. O'rtada biroz "diplomatik" gaplar bo'lgach, darbozabon yelkamga qoqib ruxsat berdi. Shunday "diplomatik" muammolar bilan yana ikki darbozabondan o'tgach, uzun tor qorong'i yo'lakdan borib, o'ng tomondagi eshikni ochib bir xonaga kirdik. Oppoq ko'ylak kiygan dadam karavotda kim bilandir so'zlashib o'tirar edilar. Ko'rishdik…

Dadam o'tirgan uy keng, taxta polli, qo'sh derazali, oqlangan, ozoda, yorug': har kishiga alohida karavot, ustlariga choyshab to'shalgan edi. Dadam va boshqa o'tirganlar men bilan "suhbat"lashishdi, kimdir choy damlab keldi, yana birov devorga osig'liq korzinka-savatdan shirin oq non, sariyog' va meva-cheva olib qo'ydi… "Mehmondorchilik"dan so'ng dadamning karavotiga yotib uxladim. Keyin dadam meni uyg'otib, tashqariga chiqdik. Bibim, Akbarxo'ja amaki, dadamlar ancha so'zlashib o'tirgach, uyga qaytdik.

Nihoyat, sud kunlari yaqinlashdi. Dadam O'zbekiston Oliy Sudida sudlangani Samarqandga (u vaqtlarda markaz Samarqandda edi) jo'nab ketdilar. Dadam kulib hikoya qilardilar:
Samarqandga sudlangani poyezdda bir o'zbek militsioneri muhofazasida borardim. Kupeda yotib, uyqum kelmay, tunda kitob o'qirdim. Yonimda mudrab-mudrab ketayotgan militsioner bir vaqt menga: „Mulla aka, juda uyqu bosyapti. Jindak uxlab olsam, qochib ketmaysiz-a?", dedi. „Yo'q, bemalol, bemalol", dedim men. Samarqandga yetguncha uxlab ketdi. Qurolini olib qo'ymasinlar deb, uni muhofaza qilib bordim.
— Abdulla Qodiriy
… Qariyb uch oylik so'roq-tergovlardan so'ng, O'zbekiston Oliy sudi Qodiriyni sudlaydi. Sudda Qodiriy o'zini himoya qilib, quyidagi uzrnamo ma'ruzalarini o'qiydilar:
Suddagi nutq
Men 1926-yilning 10-yanvaridan 10-fevraligacha otpusqaga ketub, dam olib yurganimda, bu "Yig'indi gaplar" nom maqolani yozg'anman. Otpusqadan qaytqandan so'ngra, 14−15-chislada navbatdagi chiqaturg'an "Mushtum" jurnalining soni uchun materiallar tayyorlag'animda ularning ichida bu maqolani ham qo'shub, mas'ul muharrir Komil Alimovga olub borg'anman. Mas'ul muharrir Komil Alimov haligi "Yig'indi gaplar" nom maqolani menim qo'lumdan olib, o'zining kabinetida baland ovoz bilan o'qub berdi. Ul maqolani o'qub bergan vaqtda uning kabinetida o'rtoq G'ozi Yunus, Sanjar Mirmahmudov va qonto'rshik (kontorachi) Xaluchayev bor edi. Mas'ul muharrir Alimov maqolani o'qug'an vaqtda ba'zi joylarini xato o'qug'ani uchun men tuzatib turdim. Keyin o'qub tamom qilg'andan so'ng, "Xo'b, bostiraylik", dedi, ham "Yaxshi ketdi" deb qo'shimcha qildi va men bostirg'anman, chunki Alimov ijozat bermagan holda, tabiiy, maqolaning materiali yirtqilanub tashlansa kerak edi.

Maqolani mas'ul muharrir Alimovga ko'rsatmasdan ilgari, Ziyo Saidiyga ham o'qub bergan, xuddi boshlag'animda hodisaning tepasiga Xurshid ham kirib qoldi. Men o'qub bergandan so'ng, "Ko'b yaxshi ketdi" deb maqtab yubordi. Bu onglashilmovchilikdan ilgari rasmiyat, ya'ni idoraga kelgan maqolani bostirish yoki bostirmaslik to'g'risida muharrir rezolyutsiya solmas edi. O'shaning uchun bu maqola rezolyutsiyasiz bostirilg'on. Rasmiyat faqat jurnalning 28-sonidan boshlandi.

Bu maqola faqat kulgu tariqasida yozilg'an, hech bir hukumatka yoki siyosatka tegadirg'an joyi yo'q. Maqola bosilub jurnal tarqalg'andan so'ngra besh kuncha o'tkandan so'ngra Alimov Samarqanddan qaytub keldi va meni o'zining oldiga chaqirtirib, "Nimaga bostirding, men ijozat bermagan edim", dedi. Men "Sen ijozat berding, men bostirdim", deb janjallashdik. Maqolani Alimovning kabinetida o'qug'anda Ziyo Saidiy yo'q edi, ham kirgan emas, shaxsiy adovatka ketub, "Bor edim", deb gapiradir.

Bu guvohlarning mundog' gapirishi faqat shaxsiy adovatdan iborat, chunki biron vaqt jonlariga tekkan bo'lsam kerak, ammo qay tariqada ularga gap tegdirganimni ayta olmayman. Guvoh Ziyo Saidiyni og'zaki tanqid qilar edim. Matbuotda tanqid qilg'anim yo'q. Qisqasi, umuman, Ziyo Saidiy va boshqalar manga qarshi bo'lg'anlari uchun yolg'ondan guvohlik beradirlar.

"Yig'indi gaplar" maqolasini ma'nisi, kelgan-ketkan gaplar degan so'zdir ham faqat kulgi tariqasida yozilg'andir. Haqiqatda kulgi yozilg'anlig'ini isbot qilmoq uchun quyidagi izohotni berub ketishni lozim topaman: kulgulikning boshlanish tarixi juda eskidir. Kulgulik insonlar birga tug'ilg'an, uning boshqa xususiyatlari, ya'ni kamolot va ruhiy holatlari ila yondoshdir. Shuningdek, biz o'zbeklarning kulguligimiz ham o'z tarixini eskidan boshlaydir. Ammo yangi inqilobiy kulguligimiz o'z tarixini buyuk O'ktabrdan so'ng yozdi. Munda, albatta, dunyo madaniyati intibohining va yangi sho'rolar madaniyatining kulgulikka bag'ishlagan hadyalari, yangi qo'shimchalari orqaliq keng qanot yoyg'an holatda ko'rinadir. Ya'ni bu kun boshqa masalalar o'z doiralarini kengaytirib, ulg'ayg'anda sarbastalanganlaridek, kulgulik ham o'ziga huquqni katta olg'an. Bu kungi muzhikani o'rtoqlik kulguligi, muzhikasi ma'nosi bilan onglanmaydir.

Yuqorida deganimizdek, bizning muzhikamiz juda yosh, uning tug'ilishi ham O'ktabrning yumishlaridan bo'ldi, desak yanglishmaymiz, chunki O'ktabrgacha bo'lg'an o'n yil ichida jadidlik bayrog'i ostida chiqg'an matbuotka nazar tashlansa, kulgu rangidagi parchaga juda oz uchrashiladi yoki sira uchrashilmaydir. Demak, bizga yangi davr kulguligini boshlab berguvchi, bizga o'xshash xom kishilarni bu yo'lg'a tortquchi ulug' O'ktabrdir. Uning shu yoshlig'i va kamchiligi bo'lishi ham tabiiydir.

Har bir narsani tug'ilish tarixiga nazar tashlanib ko'riladirkim, ul ibtidoiy davrida, albatta, bir ehtiyoj orqaliq dunyoga kelsa ham, ammo boshda g'oyaga tegishlik darajada xizmat qilolmaydir. Shunga o'xshash kulgulik ham tug'ilishda shaxsiy hangama yo'linigina o'tab, takomil qoidasi bo'yincha bu kungi holatka kelgan. G'arbdagi ma'nosi bilan emas, bizning Sharq uchun o'rta asr ­- quruni vusta davrini xotirlatqan xon zamonlari muzhikasiga bu kungi kulgulikni taqqos qilub ko'rsak, shubhasiz yer bilan ko'kcha farq ko'ramiz.

Buning uchun, albatta, taajjubning joyi yo'q, biz xonlar zamonida emas, mehnatkashlar davrida yashaymiz.

Misol uchun, eski zamon kulguligini bu kungi muzhika bilan tenglashtirib qarayliq: masalan, xon zamonlarida xonga yoki shuning kabi katta mansablik bekka hazil to'qish mumkin emas, ammo quyi mansablik qozi, o'nboshi, cho'g'ol va shular singari kichik ma'murlarga muqallid va mutoyaba qilish mumkin edi. Bunga misol uchun tarixdan izlansak ko'ramiz: o'tkan asrning 80-yillarida Afg'onistondagi taxt janjallari va ichki ig'tishoshdan qochib, amir Abdulrahmonxon Turkistonga sig'inadir. Munda bir necha vaqt qolub, toshkantlik Kalparash ismlik o'z zamonasida mashhur bir qiziq bilan tanishib qoladir va uning haziliga, taqlidiga maftun bo'ladir. Abdulrahmonxon bir necha zamondan keyin Afg'oniston taxtiga o'lturib, toshkantlik boyag'i Kalparashni o'z yonig'a chaqiradir. Kalparash ijobat etib Kobilga borg'ach, xon vositasi bilan undagi mansabdor va ayon bilan tanishadir. Xonning ishorati bilan anjumani oliylardan ayonga hazil to'qub, ularga muqallid bo'la boshlaydir

Xon bilan bo'lg'an bir majlisda xonning ruxsati ila Kalparash oldin beklarga birma-bir hazil va taqlid qilub chiqg'an. Kayfi kelib xursand bo'lg'an xon: "Menga ham muqallid bo'l, hazil to'qi!", deb Kalparashga buyuradir. Kalparash buyruq bo'lg'andan so'ngra xonning o'ziga muqallid bo'ladir: xon kabi taxtda o'lturib, chilim so'raydir. Poyasi chilimni yaxshi tayyorlamag'ani uchun g'azablanib, uni o'n darra urishga buyuradir. Bu taqlidni Kalparash shunday ado qiladirkim, ko'rguchilar xudda xonning o'zini ayni holatda ko'radirlar. Ammo xon o'zining qilig'idan orlanadir va shu holatda Kalparashni jallodga topshirub, o'ldirtiradir.

Bu misoldan muddao shundakim, bu kungi muzhika o'zining eski siqiq doirasidan chiqg'andek, bu kun ishchi-dehqon boshluqlari ham ularning, ya'ni ishchi-dehqonlarning o'z oralaridan chiqg'an o'z og'alaridirlar. Hozirgi kulgulik ham qanot quyruqlanib bu kungi bir Kalparash mazkur o'z hukumatining arbobidan bir og'iz so'z hazil va mutoyaba to'qiy oladir, deb bilaman.

Yuqorida aytildi: kulgulik kishilar bilan tug'ilib, ular bilan birga kamolotka erisha borg'usi, deb. Albatta, kulgulik boshlanishda tor, siqiq doirada bo'lg'anlig'ida shubha yo'q. Masalan, madaniyatda ibtidoiy bo'lg'an xalqlarning kulgusini oddiy hazildan, vaziyat muzhikasidan yuqorida ko'rib bo'lmaydir. Insonlar bir oz o'sib, orada sinflar tug'ilg'andan so'ng, kulgulik bir muncha o'skan, ya'ni bir sinf ikkinchi sinfdan, boy kambag'aldan, murid eshondan kulib boshlag'an. "Oshqovoqni qaynatib, yog'ini olg'an avliyo" yoki "Eshonimning tasbihlari nosvoy qovoq" kabi sinfiy hajvlar shu jumladandir.

Kulgi maydonida keyingi yangilik sajiya muzhikasidir. Ya'ni kulgulikning uchunchi poyasi sajiyaviy kulgusidir. Biz buning misollarini manim "Toshpo'lat tajang", "Kalvak maxzum", "Ovsarlar" va "O'tkan kunlar" ro'monimdan "O'zbek oyim" ham boshqalarda ko'ramiz. Bizning yangi adabiyotimizda xarakterli narsalar oz, balki yo'q darajasida bo'lg'anliqdan buning uchun misolni o'z asarlarimdan oldimki, bunda meni ma'zur ko'rsinlar.

Albatta, kulguni keyingi maktabninggina qolipig'a solib yurgazib bo'lmaydir. Sajiya kulgusida ham narigi unsurlardan bir muncha qo'shilmay chorasi yo'q. Inson degan so'zdan, umuman dunyodag'i kishilar onglang'anidek, ul sajiyada va holati ruhiyada ham bir-birisidan juda uzoqlasha olmaydir. Biz yuqorida muzhikadagi uch davr ta'rifini qilg'an edik. Ham uch davr bir-birisining ustiga kelib o'lturg'an deymiz. Masalan, na'ma dunyoga yangi chiqishida bir xil tovush bergan va bu kun kamolga erishub, chin na'malik holini olg'an: uni hamma ohangini qo'shub birga chalinmasa, bir xil tovush bilan kulolning yasag'anlari shushtagidan ortiqcha kamolotni berolmaydir. Demak, nima bo'lg'anda ham, hozirgi kulgulikda har holda yuqorida mazkur uch poyaning birlikda bo'lishi majburiy bo'lishi majburiy bo'lub tushadir.

Ichki ma'naviy tomondan kulgulikda uch turlik unsur ham bor: 1-mutoyaba (sharj ma'nosida), 2-yumor (hajv), 3-satira (ibrat). Shu uch turlik kulgulikni ifoda qilishda yordamchi (vositachi) xizmatini o'taguchi unsurlar ersa: hazil, kinoya, mubolag'a, tasfir, tashbiya, tamsil, istiora, tatoqqul, tajohul, xalq maqollari va ta'birlari va shunga o'xshash gaplar.
реклама
реклама
Manim 27-nchi son "Mushtum" jurnalidagi "Yig'indi gaplar" sarlavhalik kulgi maqolam ham shu asoslarga solinib yozilg'an sajiyaviy chin kulgi edi. Mazkur maqoladagi maqsadim kulgi mezoni bilan xarfat jadidga oling'anda quyidagi mazmunlar har kimga, har bir go'dakka oshkora bo'ladur: maqolaning birinchi ustun to'rtinchi yo'lidagi "O'zbekning ishchisi, dehqoni, maorifi, shaltay-baltayi… ilax uxlaydi" jumlasi faqat mubolag'a maqomida qo'llang'an bir gapdir. Mundan boshqa ma'nolar chiqarish xayolot yoki vasvasadir. Zero, boshida bir oz muhokamasi bo'lg'an har bir kishi O'zbekistonning Ulug' O'ktabr inqilobig'acha bo'lg'an holi bilan, O'ktabrdan keyingi to'qqiz yil ichidagi intibohini (ijtimoiyatda, ilm va madaniyatda, xulosa, har bir jabhada) chaqishdirib ko'rsa o'zini tamoman boshqa bir olamda his etadir. Bas, mundagi jumla mubolag'a orqalik ishchi-dehqonni qitiqlash, ya'ni uni yana ham yuqori tomonga qarab sudrash maqsadida keltirilgan; bu jumla zohiriy tuzulishdan mubolag'a kulgi, ichki ma'nodan qitiqlash. Turmushdan misol keltirilganda, masalan: Toshpo'lat akaning bir o'g'li bor. Toshpo'lat aka o'g'lining ishga ixlosini, o'z ishida muvaffaqiyatini yaxshi biladir. Lekin, shundog' bo'lsa ham o'g'lini "Sen yalqovsan, odam bo'lmaysan!" deb kamsitadir. Bu kamsitish, ya'ni po'pisa kamsitilg'uchining chindan ham yalqov va g'aflatda ekanini ko'rsatmaydir, balki uning yana ham izlatishga va o'z nuqsonini qidirib tag'in ham yuqorilanishga xizmat etadir.

Mazkur jumladan keyingi: "Ammo o'choq boshini xoli topqon olaqarg'alar bo'lsa, xo'bam bilgan noma'qulchiligini qilyapti!" jumlasidirki, mazmuni hammaga ham yashirin emas: Chor va sarmoya hukumatining O'zbekistonda qolg'an va qo'y terisiga burkanib eski xo'jaliqni dimog'idan chiqarolmag'an jonivorlari hamon sho'ro idoralarida hukm suradirlar. Albatta, ular qo'llaridan kelganicha ishchi-dehqon iqtisodiga va shu vosita orqaliq uning maorif va madaniyatig'a zarba berishga tirishadilar. Ham zararlikda shular qatoridan qolishmaydirg'an, faqat o'z shaxsiy rohati yo'lida elni emib, qayg'usiz, g'oyasiz, echkining oti Abdukarim bo'lub, yetmasa ig'vogarlik bilan kun kechiruvchi o'zining ba'zi ustolparast, tanparast shaxslarimizdan kinoyadir. Mundan keyingi "Qilaversin, egasiga tovoq-qoshiq kerak bo'lsa, axir bir kun qatron-patron qilub olarov, og'ayni! Ishqilub o'lmasdan bahorga chiqib olsamiz bo'pti…". Bu yerdagi ega — ishchi, dehqondir va chiqiladirgan bahor ularning yuksalib chin sotsializmga yetishmaklaridir. Ya'ni ishchi-dehqonlarimiz iqtisodan yuksalib, ma'rifatan yuqorilashsalar, o'shanday zararliq mustamlakachi va boshqa unsurlardan qutilurlar, qatron qilib ularni yo'qoturlar, yuvarlar, degan ma'noda.

"Yerlilashdirish, o'zbeklashdirish ilax". — Bizda bir xil kishilar bor, ya'ni ziyolinamolar. O'zlari amalda bir pullik ish qilmaydirlar, ammo og'izda ko'cha sasitib, hasratlanub yuriydirlar. Mazkur jumlalar o'shanday ishsiz, faqat hasratigagina tayang'an unsurlardan kinoyadir. Masalan: "Yerlilashdirishdan hech bir natija chiqmadi, falon ish bilan munday holatga tushdim, hasratingni kimga aytasan", deb yurg'uchi oliftalarga hamma vaqt uchrashiladir. Ovsar bo'lsa ularga "Bibingni oldiga hasrat qil, hezlar!" deb zaharxanda qiladir. Yuqorida zikr qiling'anidek, maqsadlari faqat mansabdan, kayfu-safodan iborat bo'lg'an unsurlar bizda hali quritilg'an emaslar va bunga gazeta betlaridagi xabar va shikoyatlar onli shohiddir va shular qatorida haligidek quruq hasratchilar ham yo'q emaslar. Ammo bularning qarshisida joni bilan, tani bilan ishchi-dehqon saodatiga qurbon bo'lib bosh tikkanlar ham ko'b, jumladan, o'rtoq Oxunboboyev buning timsoli mujassamidir. Ul har qachon har yerda kamchilik va nuqsonlarimizdan so'zlab, buning uchun choralar, tadbirlar izlashga ham ishchi-dehqon saodati yo'lidag'i to'siq g'ovlarni olib tashlamoq uchun barchani ko'makka chaqiradir.

Birinchi ustunning 25-yo'lidan boshlab, ikkinchi ustunning 4-yo'ligacha bo'lg'an o'rtoq Oxunboboyev to'g'risidagi gaplar yolg'iz uning shu sifatidan kinoyadir. Masalan, faqat ko'cha sasitib, og'zaki g'ish-g'isha qilib yurgan anavi hasratchilar qarshisida o'rtoq Oxunboboyev aktivniy ravishda majlis va gazetalarda kamchiliklarni chertib otadir. "Hali-ku bu og'zaki g'ish-g'isha, ammo kechagi kun gazetada… ilax" (5-yo'l, birinchi ustun), muqaddimasi shuni ifodalaydir.

Ikkinchi ustun 5-yo'llardag'i: "Shukr, qorning to'q, qayg'ing yo'q, bas tinchkina oqsoqollig'ingni qilaversang bo'lmaydimi?" jumlasi shaxsiy hazil bo'lishi barobarida, yuqorida zikr qiling'an qorni to'q, boshqa qayg'usi yo'q unsurlardan zamzamadir. Ya'ni, aytilmakchikim: Ey, Oxunboboyev! Nega sen anavilarg'a o'xshamaysan! Qayg'irasan, izlanasan, bilgan va his etkan nuqsonlaringni ochiq aytasan, o'rtoqlashasan, sen ham o'shalardek qorningni silab yotsang bo'lmaydimi? Ammo bu jumladan anavi tanparastlarga onglatilmoqchi bo'ling'an, aytilmak istalingan ma'no bundaydur: Ey abdulhaqlar va ey tan bandalari, o'rtoq Oxunboboyevdan nega namuna olmaysizlar, ul sizlarga o'xshash qornim to'q, qayg'im yo'q deb tinchkina yotibdirmi? (Mana shu o'rinda aytilgan ma'noni quyidag'i jumlalar, ya'ni kulguning ketishi ham ta'kidlaydur).

Ikkinchi ustun 7-yo'ldan boshlab, 13-yo'lning oxirigacha bo'lg'on: "Tuzuk, chaqirim-paqirimingga manim ham qarshilig'im yo'q…" jumlasi esa o'rtoq oqsoqolning mazkur ma'ruzasini darhaqiqat iltifot etishga loyiq bir sifr ekanini, bizning to'kis maorif — madaniyatga erishmagimiz uchun yana katta fidokorliklar kerakligini ko'rsatib onglatish uchun keltirilgan.

Ikkinchi ustun 17-yo'ldan boshlab, "Shu zamondagi ba'zi odamlarga ajab hayron qolaman, bir ming bolag'a bitta maktab bo'lsa nimayu, o'n ming bolag'a bitta to'g'ri kelsa nima qayg'i?" jumlasi bilan yana yuqorida aytkanimcha, o'rtoq oqsoqolning chindan ishchi-dehqon maorifi va boshqasi uchun g'amxo'r va bosh og'ritganini ko'rsatmakchi va shu gunohi, ya'ni mazlum xalq maorif-madaniyati yo'lida o'z-o'zini mashaqqatlagani uchun ovsarona uni shiltalamakchidirman. Bundog' kinoyalik madh aksar xalq orasida iste'mol qilinadur. Masalan, tirishqoq va jonkuyar bo'lg'an kishiga ikkinchi birov o'zini ovsarlikka solib: "Qo'y, nima kerak senga muncha tashvishni! Shukr bir kuning bo'lsa o'tib turibdir; besh kunlik dunyoda sen ham tinchkina yursang-chi?" deydirlar.

Ikkinchi ustun 20-yo'ldan boshlab, 3-ustunning beshinchi yo'lig'acha bo'lg'an "Muddao mirzaboshilarni ko'paytirib, idoralarni yerlilashdirish bo'lsa… ilax" kulgulari yolg'iz o'rtoq Oxunboboyevnigina emas, balki boshqa o'rtoqlar diqqatini ham yerlilashdirish va madaniy ma'orif ishlariga jalb qilish uchun qo'llanilg'andir.

Ma'lumki, bizda ikki xil ziyolilar bor: 1) eski, ya'ni O'ktabrgacha bo'lg'an ziyolilar. 2) Yangi Sho'ro ziyolilari. Takrorga hojat yo'q: inqilobg'acha bo'lg'on va O'ktabrdan keyingi ziyolilarni yetishtirgan omillar va sharoit hammaga ma'lum. Shuning uchun men ularni tahliliga kirishmay, mazkur "Mushtum" sonidag'i ziyolilar haqida bo'lg'an kulgulig'im ustida gapiraman:

Uchinchi ustun 15-yo'ldan boshlab to 35-yo'lg'acha bo'lg'an gaplar mazkur ikki xil ziyolilarni tekshiruv maqsadida yozilg'andir. Masalan, "O'rtoq Akmal Cho'lponboyning… she'ri bilan ziyonlilarning aftiga tupurgani holda yana nima uchundir, „Hezlar tavba qilsa ularga firqaning quchog'i ochiq!" deb qo'yadir. Darhaqiqat, hezlar tavba qilsa o'rtoq Akmal bu tavbaga ishonadimi, yo'qmi, ammo unga aytadirgan gapim bor…". Bu jumlalar ziyolilarni firqa ko'zida tavba qilg'an bo'lub ko'rinub riyokorlik qilmasinlar, tavbalarga quruq so'z berishdan iborat bo'lmasin maqsadida aytilgan. Mundagi harfan kuzatilgan muddao ersa mundog': Ey, ziyolilar! Sizlardan ba'zi birilaringizning yaqin moziydag'i kambag'allar hukumatiga bergan zararlaringiz maydonda, buning uchun mehnatkashlar aftlaringizga tuflasalar haqlidirlar. Mehnatkashlarning quchog'i bizga ochiq ekan, deb riyo bilan mehnatkashlar ishiga aralasha ko'rmangiz, chunki mehnatkashning aqli-hushi boshida, yaqin o'tkan kunlaringiz uning ko'z oqida. Ey, o'rtoq Akmal, agar ulardan birtasi mazkur riyokor munofiqlik holatida ishga aralashadirg'an bo'lsa, sen bunga hozir bo'l, ehtiyot tur! Ammo tavba to'g'risida senga aytadirg'an so'zim bor: "Men har kuni xudog'a to'qqiz martaba osiy bo'lib, o'n sakkiz martaba tavba va istig'for aytaman". Ya'ni bu gapdan murod, ularning tavbalari bizdagi oddiy ma'noda yurgan tavbadan bo'lmasin. Bu kungi firqa oldida qilinadirg'an tavba tamoman yangi, chin ma'nodagi tavba bo'lsin, har kuni to'qquz martaba istig'for aytib, o'n sakkiz martaba qaytadirg'an tavbadan mehnatkashlarga foyda yo'q.

"Tavbaga bo'yin bukkan banda bandalarning eng yaramasidir, qulliq bunyod qilg'an rasvo, rasvolarning yana ashaddiy rasvosidir". Bu jumla bilan o'sha oddiy ma'noda bo'lg'an tavbani inkor qilinadir, ya'ni tavba qulliqdir, bo'yin egish bandalikdir, banda esa haqiqatka tushunib emas, kuchlanib, ojizlanib bo'yin bukadir. Bas, bu holdagi tavba tavba emas, balki shaxsiy ixtiyorni, muhokamani qo'ldan berib odamgarchilikdan chiqishdir. Bu dunyoda tavba, qulliq qilish bo'lmasin, chunki bu rasvoliq, ammo haqiqat oldida bo'yin egish bo'lsin. O'zing bir haqiqatka qonmay turib va o'zingning xatoyingga tushunmay turub faqat ojizdan qiling'an tavba tavba emas; ham o'zingni, ham o'zgani aldashdir, rasvoliqdir.

"O'z butunlig'ini saqlay olmag'an boshqaga yeng bo'lolmaydir". Bu jumla yuqorida aytilgan ixtiyoriy shaxsni takrorlaydir. Ya'ni shaxsiy butunliq, mustaqil shaxsiyat qullik bilan ziddir. Shaxsiy butunlig'i bo'lmag'an, ya'ni o'zida haqiqatni ixtiyor qilabilish kuchi topolmag'an ojiz, ixtiyorsiz odamlar jamiyat uchun foydalik va chin ag'zo bo'lolmaslar. Chunki aksar munofiqlik va maydalik ixtiyorsiz ham o'ziga ishonchsiz va imonsiz kishilardagina gavdalanishi ilmiy ravishda isbot qiling'andir.

Meni ma'yublar kursisiga o'tqizg'an "Yig'indi gaplar" maqolasining asli kuzatkani va yozg'uchisining maqsadi yuqorida mazkur sharhlardan iboratdir. Bundan boshqa ma'nolar chiqarib, turlik ihtimollarga borib qaytish o'rinsizdir. Agar ba'zi o'rtoqlar shunday mulohazalarga ketkan ekanlar, bu esa kulgulikning, ayniqsa adabiy kulgulikning bizda hali yoshlig'idan va o'zlashib yetmaganligidan keladir. Shuni ham aytib o'tishni, yodlaringizga solishni lozim topamanki, kulgi maqoladagi mustaor imzo maqolaning harakatiii aksar vaqt o'z tarafiga burib yuritadilar, ya'ni muzhika yozg'uchining mustaor shaxsiga loyiq gaplar, jumla va ta'birlar orqasidan ergashadir. Maqolaning imzosi Ovsar qo'yilgan, demak undagi ko'b ta'bir, ifodalar ovsarona, daliyonadir. Tentakni tentak tinglaydir, deganlaridek, kulgulikdagina emas, umuman sajiyaviy adabiyotga yaqin turg'on kishilar bu maqolani shu nuqtadan qarab tekshirsalar yana ham haqiqat ochiladur. Masalan, manim kulgulikda ishlatadirgan necha turlik mustaor imzo, ya'ni qahramonlarim bor: Kalvak maxzum, Toshpo'lat, Ovsar, Dumbul, Shilg'ay va boshqalar. Agar siz shu imzolar bilan yozilgan kulguliklarni tekshirib chiqsangiz, munda asli yozg'uchining shaxsini tamoman ko'rolmaysiz, faqat so'zni imzo egasining o'z og'zidang'ina eshitasiz. Kalvak maxzumni o'qing: ko'bdan haqiqiy hayot bilan aloqasi uzilgan, madrasa xurofoti bilan miyasi g'ovlag'an xolis bir mahalla imomini ko'rasiz. Toshpo'latni o'qing: ishsiz, biri bit, biti sirka bo'lmag'an va shu faqirlik orqasida o'g'rilik va fahshiyat dengizida suzib tajanglangan xolis bir chapanni ko'rasiz. Ovsar va Dumbullarni o'qing va tekshiring, hokazo.

Odil sudlardan so'raymankim, men ayblangan maqolani, manim ustimda turlik shubhalar tug'dirg'an kulgulikni shu yuqorida sanalg'an mezonlarga solib tekshirilsa va hukm berilsa ekan. Kulgulikda ular aytkandek yomon niyat bilan yashirilg'an hech bir ma'no yo'q. Harna yozilg'oni bir "Ovsar" tilidan faqat ishchi-dehqon manfaati kuzatilib aytilg'an, hukumat kishilariga bo'lg'an gaplar, o'rtoqlik hazili, shaxsiy mazohar, mundan boshqa gaplar, ma'nolar bo'lsa yuqorida bir daraja te'dod qilub o'tdim. Shohidlardan Oliy sudga men qoralang'uchi — qora kursida o'ltirguchining faqat shaxsiy adovat orqasida bu holda tushganim yaxshi onglashildi deb bilaman. Shundog' bo'lsa ham, yana bir daraja shohidlarning o'z so'zlaridan yasab, adolatlik sudlarning xotirlariga tushurib o'taman.

1. Guvohlardan o'rtoq Levchenkoning so'ziga qarag'anda, O'rta Osiyoda siyosiy jihatdan yuqori o'rinni ushlagan GPU 27-sonning dunyoga chiqarilishiga ruxsat bergan, ya'ni GPUning ruxsat berishidan shu ma'no onglishiladirkim, manim mazkur sondag'i "Yig'indi gaplar" maqolam sudlarga ilmiy va adabiy yo'lda sharhlab berganimdek zararsiz, nafsoniyatchilar aytkan ma'noda emasdir, ham shundog' bo'lishi tabiiy. Yo'qsa har bir nuqtani erinmay tekshirish bilan mashhur bo'lg'an siyosiy idora 27-son "Mushtum"ning dunyoga chiqarilishig'a yo'l qo'ymas va ruxsat bermas edi. Ammo bir necha shaxslar bu maqolani o'zlarining, bilmadim, qandog'dir tarozulariga solib, zararlik topishlari ersa g'arazgo'ylik, tirnoq ostidan kir izlashdan boshqa narsa emasdir.

2. Xurshid Sharaf, ma'lumki, olg'an ta'limoti bo'yincha meni qoralamoqchi bo'ladi. Lekin, o'rislarning "Bigizni qopda… alx" degan maqollaridek, uning manim ustimda bo'lg'an tuhmatlari, bo'htonlari o'zining bergan javoblari orasida "manaman" deb qopning qornini yorub chiqib turdi. Xurshidi tobon deganimiz o'zini jinnilikka-tentaklikka solib qaradi. Ammo adolatlik sudlarning to'g'ri tekshirishlari haqiqatni ocha borub yolg'on shohidni obdon dovdiratdi, alvon rangga kirgizdi. Men uning dovdir shahodatining hamma nuqtalari ustida to'xtamayman. Chunki ular mufassal ravishda sudning zabtnomasiga kiritilgandir. Ammo shunigina aytib qo'yamankim, Xurshid deydir: "Mirmuhsin — men „Bon-bon" degan manzumasini „Bosilmasin" degan edim", deb aytdi. Bu gap bilan Xurshid o'rtoq Mirmuhsinning bir vakolatini sodiqona ado etmoqchi edi. Biroq taassufki, muvaffaqiyatlik chiqmadi. Xurshid o'zining boshqa shahodatlari kabi: "Mirmuhsin „Bosilmasin" deb rezolyutsiya qo'yg'anda men qarab turg'an edim" desa, ehtimolki, manim ustimga og'ir yukni qo'yub egasiga sodiq qolg'an bo'lur edi.

3. Ziyo Saidning haqiqatqa teskari shahodati to'g'risini uning kommunistik vijdoniga havola qilaman. Ammo bir necha nuqtalari ustida to'xtab olishga majburman: "Muharrirning xonasiga kirub, Komil bilan Julqunboyning janjallari ustidan chiqdim", deydir. "Orada Sanjar bilan G'ozi Yunus ham bor edi", deydir. "Undan so'ng matbaaga tushub arxivni axtarib yursam, „Bon-bon" manzumasi chiqdi, qarasam „Bosilmasin. M." deb imzo qo'yilg'an ekan, lekin o'zim Xurshidning „Bahri qadam" maqolasini olish uchun borgan edim", deydir. Shundan keyin "Bon-bon"ni papkamga solub idoraga olib bordim, undan so'ng tergovga topshirdik", deydir. Ziyo Saidning bu so'zi nimani onglatadir? Uning bu so'zidan aniq shu kelib chiqadikim, ul "Bahri qadam" maqolasini olish uchun bormag'an, balki menga 114-statyani berdirish niyati bilan borg'an. Chunki, qonunan lozim ediki, arxivni qarag'anda yonig'a xolis kishilarni chaqirub tekshirish va akt qilish. Mana bu tomondan ham manim ustimga ishlangan soxtagarlik o'z og'zi bilan aytub turadir. Yanada Ziyo Saidning kecha bergan javobi ichidagi — "Mushtum"da bosilishi muvofiq ko'rilganligi rezolyutsiya qo'yilmag'an maqolalar ham bo'lar edi, — degan so'zi ham odil sudlar uchun shoyoni diqqatdir.

4. Endi obllitning sarkotibi o'rtoq Milkov ustida to'xtayman. Men to'g'rilik orqasida, bosh ketsa "eh" deydirgan yigit emasman. Muqaddimadagi so'zimda aytdim: men o'sha kun matbaaga tushganimda, yolg'iz "Yig'indi gaplar"dagina emas, balki boshqa materiallarda ham obllitning shtampasi yo'q edi. Endi bugun hayron qolaman, bundagi shtamplar qayoqdan keldi yoki bunda ham manim ustimga bir yuk ortmoqchi edilarmi? O'rtoqning dabba javobidan ma'lum bo'ladirkim, bu orada ham bir nayrang qurmoqchi bo'lg'anga, ishni chalkashtirub, manim boshimni qotirib, dovdiratmoqchiga o'xshaydirlar. Darhaqiqat, gap shunday bo'lmasa, obllit degan mas'ul bir o'rinda o'ltiruvchi o'g'il bolaning javobini qarang: Emish firqa o'rgani bo'lg'ani uchun "Mushtum"ning materiallari tekshirilmasdan, ustiga shtamp bosilib berilar ekan. Bu holda jurnalni obllitning ruxsatisiz chiqaraberish lozim bo'lmasmidi? Har bir sahifa materialga shtampa bosishning nima hojati va kartochka yozishning qanday zarurati bor edi? Bu masala juda muammo. Tuzuk, obllitning ruxsati, ya'ni shtampasi bo'lishi manim uchun zararlik emas, lekin o'zim matbaada materialni ko'rgan chog'imda shtampa yo'q edi…
Abdulla Qodiriyga nisbatan 1926-yilda qo'zg'atilgan jinoyat ishi yig'majildi. Foto: Oliy sud
Men qaysi yilda va qaysi oyda tug'ilg'animni bilmayman. Har holda bemavridroq bo'lsa kerak, kambag'al, bog'bonlik bilan kun kechirguchi bir oilada tug'ilub, yaqinlarimning so'zlariga qarag'anda, mustabid Nekalayning taxtka o'lturg'an yilida tug'ilg'anman. Boshida boy oilada tug'ildimmi yoki kambag'al oialadami, albatta, bilmadim. Ammo yoshim 7−8 ga yetgach, qornim oshqa to'ymag'anidan, ustim tuzukroq kiyim ko'rmaganidan aniq bildimki, besh jonning tomog'i faqat 80 yoshlik bir chol otamning mehnatidan, 1300 sarjin bog'ning yozda yetishdirub beradigan hosilidan kelar ekan. Agar bahor yomon kelub, bog' mevalari ofatka uchrab qolsa, biz ham ochliqqa duch kelub, qishi bilan jovrashib chiqar ekanmiz. Yoshim to'qqiz-o'nlarga borg'andan so'ng meni maktabga yubordilar. Maktabda ikki-uch yil chamasi eski usulda o'qub, keyingi vaqtlarda oilamizning nihoyatda qashshoqlik kechirgani vajhidan o'n ikki yoshimda meni bir boyg'a xizmatchilikka berdilar. Xo'jayinim o'zi savdogar kishi bo'lub, o'rischa yozuv-chizuv biladurg'an odamga muhtoj edi. Shu tama'da bo'lsa kerak, meni o'ris maktabiga (russko-tuzemnaya shkola) yubordi. Maktabdan qaytib kelgandan so'ngra xo'jayinimning xizmatini qilub yurganim uchun maktabdan tegishlik iste'fodani ololmadim; ikki yil mundog' xizmatda yurub, chiday olmasdan otam-onamga yolvorub, o'z uyimga qaytub keldim. Va o'z uyimdan borub haligi maktabda o'qub yurdim. Akam duradgorlik, ya'ni toqichilik qilur edi. Uyga kelgach, maktabdan bo'shag'an kezlarimda toqichilik hunariga o'rgata boshladi. Ikki-uch yil chamasi shu toqichilik va bog' ishlari bilan bo'lub yurdim. 1912-yilda manufaktur bilan savdo qilg'uvchi bir kishiga yiliga 50 so'm barobariga prikashchik bo'lib kirdim. Va shul xo'jayinda 1915-yilgacha xizmatda bo'ldim. Shu miyonalarda bozor vositasi bilan tatarlardan chiqadirg'an gazetalarni o'qub, dunyoda gazeta degan gap borlig'iga imon kelturdim. 1913-yilda o'zbekcha "Sadoyi Turkiston", "Samarqand, "Oyna" gazetalari chiqa boshlag'ach, menda shularga gap yozub yurish fikri uyg'ondi.

Idoradagilar bilan tanishlig'im bo'lmag'ani uchunmi yoki yozg'an gaplarim ma'nosiz bo'lg'ani uchunmi, ko'pincha "Idoradan javob" bilan meni mamnun qilar edilar. 1913-yillarda chiqg'an "Padarkush" pesasi ta'sirida "Baxtsiz kuyav" degan teatr kitobini yozub yuborg'animni o'zim ham payqamay qoldim (1915-yilda). Yana shu yilda tatarlarda chiqib turg'an hikoya va ro'monlarga taqlidan "Juvonboz" otliq hikoyachani yozub, noshir topilmag'anidan, o'zim nashr qilub yubordim. Endi chin musannif bo'ldim-ov, deb quvonar edim.
реклама
реклама
1915-yilda (prikashchik bo'lg'animning uchunchi-to'rtinchi yillari) xo'jayinimning ishi to'xtab, do'koniga pechat tushdi. Shuning bilan manim prikashchilik taqdirim hal qilinub, uyga qaytdim. Yana akam bilan eski toqichilik kasbimga kirishib, har kimlarning eshigida kunlik ishlab yurdim. Qish kirib, duradgorlik ishi to'xtalg'andan keyin madrasaga o'qushga kirdim. Bir qish madrasada o'qub, ko'klam chiqqach, yana toqichilikka ketdim. Shu holda 1917-yil fevral inqilobi yetdi. Nekalay taxtdan yiqilg'andan keyin oddiy xalq militsiyasiga ko'ngilli bo'lub yozildim. Shu xizmatda bir oy chamasi turg'animdan so'ng, Toshkant Eski shaharida ochilg'an "Oziq komiteti"ga mirza bo'lib kirdim. Shu choqqacha men o'zimda birorta siyosiy firqaga mansubiyat yoki yaqinliq his etmas edim. Bu ersa menda asoslik ma'lumot yo'qlig'idan, yana to'g'risi savodsiz avomligimdan kelar edi. Nekalayning taxtdan yiqilib hurriyat bo'lg'anig'a xursandligim, albatta, dunyoga sig'mas edi va sig'masligi tabiiy edi. Ayniqsa 1916-yil rabochiy olish masalasidan keyin umuman Turkiston ishchilarida uyg'ong'an istibdodga nafrat menda ham kuchlik edi. Fevral inqilibodan keyin "uchreditelniy sobraniya" bo'lar emish, degan gap chiqdi. O'zimizdan bo'lsa "Turon jamiyati", "Turk adam markaziyat", "Muxtoriyat", "Ulamo jamiyati", "Sho'roi islom" degan muammolar tug'ulib, miyam shishdi. Ko'ngilli militsiya bo'lub yurganimda "Turon"g'a a'zo bo'lub yurgan edim. Ammo "Ozuqa komiteti"g'a xizmatka kirgach, meni "Turon" a'zolig'idan chiqarg'anlar emish, deb eshitkan edim. "Xo'b" dedim ham yura berdim.

Shu vaqtlarda matbuotda Rusiyadagi siyosiy firqalardan "sotsial-demo'qrat", "sotsial-revolutsioner", "kadet", "internasionalist" so'zlari so'zlanib turar edi. Aytib o'tishim kerakki, haligi siyosiy ismlarga gazeta o'quydirg'an bo'lg'animdan beri tanish bo'lsam ham ularning chin ma'nolariga tushuna olmas edim. Chunki bizning o'zbekchada va na tatarchada bu siyosiy firqalarning yo'llarig'a oid hech bir o'quydirg'an asar yo'q edi. Fevral inqilobidan keyin gazetalarda o'rtoq Lenin ismi va "bolshevik" degan gaplar chiqa boshladi. Ammo ayta olamanki, o'sha vaqtlarda bizning Turkistonda (bu kungi O'zbekistonda) kommunizm, umuman sotsializm maslakidan tublik ma'lumotka ega bo'lg'an kishi yo'q bo'lsa ham ehtimolki, bitta-yarimta bo'lg'andir. Shuning uchun men o'zimni bu to'g'rida umuman O'zbekiston ishchi-dehqonlaridan va bu kungi ma'sul va g'ayri ma'sul ishchilarimizning o'sha tarixidagi hollaridan yuqori o'ringa qo'ya olmayman: ya'ni men ham ul vaqtlarda bolsheviklarga bir ongsiz ishchi yoki dehqon va bir mutaassib mulla yoxud imomdan ortiq baho bera olmas edim. Buyuk O'ktabr inqilobini ham shu yo'sun ongsiz millat ichida qarshiladim. O'ktabr inqilobidan so'ng o'rtoq Ismoil Obidov bilan tanishdim. Ul inqilobdan keyin dohiliya komissariga o'rinbosar tayinlang'an va Eski shahar o'zbek ishchi-mehnatkashlarini uyushdirishda rahbarlik qilar edi. Uning ilan tanishg'anim menga ko'b foyda berdi, chunonchi: bolshevik va boshqa siyosiy firqalarning yo'llari bilan oshnolashdim va uning taklifiga muvofiq Eski shahar ishchilari orasida bel bog'lab ishlashka kirishdim. Ul vaqtlarda Toshkantda birinchi uyushkan ishchilar — binokorlar bo'lib, agar men ziyoli hisoblansam, ularning orasida ishlay boshlag'an bir ziyoli faqat mengina edim. Buni hozirgi vaqtda Markaziy Ijroqo'm raisining muovini o'rtoq Sultonxo'ja Qosimxo'jayev yaxshi biladir. Ismoil Obidovga mirza bo'lub, ulamo va boylarg'a qarshi xitobnoma va ishchilarni tashkilotka chaqirib, targ'ibnomalar yoza boshladim. Ularning ba'zisi o'shal vaqtdagi "Ulug' Turkiston" gazetasida va ba'zisi varaqa ravishda bosilub, tarqatilar edi. Mundan boshqa Eski shaharda yangi uyushdirila boshlag'an kasaba soyuzlarining har birini yangi ochishda sarkotib tariqasida ishtirok etar va ularga qo'limdan kelgani qadar rahbarlik qilar edim.

1918-yilning boshlarida "Eski shahar oziq komiteti"ni boylar qo'lidan olinub, komitetning raislig'iga o'rtoq Sultonxo'ja Qosimxo'jayevga tayin qiling'an edi va men mazkur komitetning o'zbekcha sarkotiblig'iga kirdim. 1919-yilning avvallarida "Oziq komiteti" ismidan chiqarilmoqchi bo'lg'an "Oziq ishlari" gazetasiga muharrir bo'lub tayinlandim. 1920-yilda kasabalar sho'rosig'a sarkotib bo'lub kirdim va Eski shahar kasabachilik harakati to'g'risida gazetalarga xabar va maqolalar yozub turdim. Shu kungacha sho'ro idoralarida qilg'an xizmatlarimni birma-bir sanab o'lturush uzoqqa cho'ziladirg'an bo'lg'anliqdan, mundan keyin muassasa ismlarinigina atash bilan kifoyalanaman: "Ro'sta" devoriy gazetasida muxbir bo'lub, "Ishtirokiyun" va "Qizil bayroq" gazetalarida sotrudnik, sobiq Turkiston markaziy firqa qo'mitasining tashviqot bo'limidan chiqadirg'an "Inqilib" va "Kommunist yo'ldoshi" majmualarida sarkotib va sotrudnik bo'lub, ham "Mushtum" jurnalining muannisi va tahririyat a'zosi bo'lub, to 1924-yilgacha mehnatkashlar manfaatiga xolis ishlab keldim. Shu o'tkan yetti yil orasida sho'rolar hukumati va firqadan bir og'iz tanbiya olmadim. Xulosa, boshqalarning xizmati daftar bilan sobit bo'lsa, manim xizmatlarim matbuot bilan ravshandir. Va xizmatim inqilobiy "Qizil O'zbekiston"ning har bir a'zosiga ma'lumdir. Ishchi-dehqonlar yozg'an asarlarimni so'yinib o'quydilar va meni yozg'uchilar qatoriga kirgizdilar va hamon o'qurlar va unutmaslar. Chunki men ularning o'z ichlaridan chiqg'an, ularning dard va tilaklarini yaqindan bilguchi, buning ustiga Ulug' O'ktabr inqilobidan so'ng uning sharoitida , tarbiyasida yetishkan bir xodimlari edim. Meni boylar, eshonlar, ulamolar ko'rolmas edilar, chunki men ularni ishchi tilidan chaqqan va sirlarini ochquchi dushmanlari edimki, bularni ham so'zlab o'lturishka hojat yo'q, haqiqat maydonda.

Shu xizmatlarimni, albatta, osonliq bilan maydonga qo'ymadim. 1917-yil bilan 1923-yil oralarini xotiringizga olingiz. Mamlakatda ro'zg'or buzg'unlig'i, bosmachiliq, ochliq va boshqa xarobotlar.

Ishchilar hukumatiga xizmat qilishda oilam bilan og'ir, foji', ochliq kunlarini kechirishga to'g'ri keldi. Oladirg'an maoshim menga qarashliq tarbiyamdagi yetti-sakkiz jonning ozig'iga yetmas edi. Lekin ozodliq yo'lida har qanday og'irliqqa ham chidab, muqaddas xizmatimni hamisha davom etdira berdim. Bas, shu holda mantiq qolipig'a solib muhokama qilinsin, mehnatkashlarning zaif va har bir jihatdan nuqsonlik bo'lg'an kunlarida ular yonida sobit qolub, bu kun mehnatkashning gullay boshlag'an davrida teskarichilik ko'chasiga kirsinmi? Boylar, ulamolar, cho'ntakchi xoin va o'g'rilar, umuman, O'zbekiston teskarichilariga qarshi matbuot maydonida jihodi akbar e'lon qilub, o'ziga qarshi har bir burchakdan teskarichi dushmanlar qatorlashdirg'an bir kishi sho'rolar hukumatining ayni gullagan kezida ziyonli deb topilsinmi?

Balki meni firqasizlikda ayblaguchilar, o'zining mehnatkash, dehqonning dardiga shunchaki yaqin bo'la turib nega firqaga kirmading, deguchilar ham bo'lur. Bu haqli gap, darhaqiqat, men munda ayblikman, chunki manim tabiatimda fardlikka yaqin bir xususiyat bor edi. Firqaning intizomiga bo'ysuna olmaslig'imdan qo'rqar edim. Ammo o'zim g'oya va ish e'tibori bilan chin kommunist edim.

O'ktabr kundan-kunga o'sti. Uning o'sishi barobarida madaniy, ilmiy ehtiyojlar ham o'sti. Yuqorida ham aytib o'tdim. Men tartiblik maktab ko'rmagan nodon bir yigit edim. Uncha-muncha bilgan narsalarim ham o'z tirishuvim orqasida zamon sharoiti va majburiyati ostidag'i chala-chulpa gaplar edi. Keyingi kunlarda nodonlig'im o'zimga qattiq his etila boshlab, bu hol bilan uzoqqa keta olmasimni sezdim. Va 1924-yilda xizmatimdan javob olub, Maskovga o'qushg'a ketdim. Maqsadim, uch-to'rt yil ilmiy muassasalarda bo'linmak edi. Maskovdan 1925-yilning iyun oyida yozg'i ta'tilga Toshkantga qaytdim. 1925−1926-yilning tahsiliga Maskovga boraman, deb tayyorlangan vaqtimda Alimov meni olib qoldi. Alimovning meni olib qolishining sababi shulki, ul manim qanday kishi ekanligimni yaxshi bilardi. Chunki bultur men uning bilan Maskovda olti oy bir hujrada yashag'anman va manim qanday yigit ekanimni ul yaxshi sinagan edi. Birinchi noyabrda bo'lsa kerak, "Mushtum" xizmatiga kirishkanman va to'rt oy ishlaganimda meni tamom hayratda qo'yg'an ma'lum arzimagan gap bilan qamoqqa olindim.

Qisqacha tarjimai holimni bayon etib, so'zimning oxirida shuni aytmoqchiman: maqolani zararsiz va jurnalga muvofiq topib bosishga ruxsat berguvchi Komilning o'zi edi. Bu kun o'z lavzidan qaytib vijdoni oldida qip-qizil ajiva bo'lg'uchi, meni qoralag'uchi va ustimg'a boshqa bo'htonlarni taqiguchi ham uning o'zi bo'ldi. Uch oylardan beri matbuot sahifalarida o'rinsiz va boshqa faqat menga qaratilib bo'lg'an haqsiz hujumlar, onglashilmovchiliklar, bemaza isnodlar va jimjimalik zamzamalarning bosh omili ham shubhasiz Komil va sheriklari edi. Xulosa, adovat mamlakat rangida bo'yaldi…

So'zimning oxirida o'zimning asli g'oya va maslagim bilan ham hozirimni qisqacha tanishtirib qo'yayin: men Sharq ozodlig'ini va uning mazlum proletariat saodatini faqat leninizm orqasida vujudga chiqishig'a ishongan bir kishiman. Bu gapni sizning beradirgan jazoingizdan qo'rqub emas, balki vijdonim, imonim tazyiqi ostida so'zlayman. Lekin bu ozodliqdag'i chin kurashchilar lavzsiz qo'rqoqlar, shaxsiy adovat orqasidan baxt kutkuchi mayda kishilar bo'lolmaslar, ammo o'rtoq Leninning sog'lom, ulug', g'azovotsiz, gidirsiz yo'liga tomon xolis niyatda bel bog'lag'uchi qahramonlargina bo'lurlar. Manim haqimda kim nima desa desin, lekin men Marks va Leninning haroratlik shogirdiman, chunki men Lenindan ruh olib, Marksdan ilhomlandim.
So'zim oxirida odil sudlardan so'rayman: garchi men turlik bo'hton, shaxsiyat va soxtalar bilan, ham onglashilmovchiliklar orqasida ikkinchi oqlanmaydurg'an bo'lub qoralandim. Loaqal ularning, qoralovchi qora ko'zlarning ko'ngli uchun bo'lsa ham menga eng oliy bo'lg'an jazoni bera ko'ringiz. Ko'nglida shamsi g'uboroti, teskarichilik maqsadi bo'lmag'an sodda, go'l, vijdonlik yigitga bu qadar xo'rlikdan o'lim tansiqroqdir. Bir necha shaxslarning orzusicha, ma'naviy o'lim bilan o'ldirildim. Endi jismoniy o'lim menga qo'rqunch emasdir. Odil sudlardan men shuni kutaman va shuni so'rayman.
Abdulla Qodiriy
yozuvchi
Sud uch kun (1926-yil 15, 16, 17-iyun) davom etib, oxiri Qodiriy ustidan ikki yil qamoqqa hukm chiqariladi. Biroq sud hukm chiqaradi-ku, o'zi (Oliy sud) shu kuniyoq O'zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Komitetiga Qodiriyni ozod qilib yuborish to'g'risida iltimosnoma (xodataystvo) yozadi. Markaziy Ijroiya Komiteti Prezidiumi shu kuniyoq (17-iyun) majlis chaqirib, shunday qaror chiqaradi:
O'zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi
Markaziy Ijroiya Komitetining Prezidium majlisi

1926-yil iyun, Samarqand shahri.

Majlisga (oprosom) Prezidium a'zolari: Oxunboboyev, Bikson, G'oziyev, Volik, Ivanov, Qosimxo'jayev, Rahimiy, Strogonov, Cheloguzov, O'zbekiston Oliy sudidan Qosimov o'rtoqlar ishtirok etdilar. Qosimxo'jayev raislik, Rahimiy kotiblik qildi.

Eshitildi: O'zbekiston SSR Oliy sudi shu yil 15−16-iyunda sud qilinib, ikki yilga ozodlikdan mahrum etilgan Abdulla Qodiriy qamoq muddatini o'tamay, ozod qilib yuborilishini so'raydi.

Qaror qilindi: O'zbekiston Oliy sudining iltimosi qondirilsin. Ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Abdulla Qodiriy qamoq muddatini o'tamay, ozod qilinsin.

Rais: Qosimxo'jayev
Kotib: Rahimiy
Shunday qilib, Abdulla Qodiriy 1926-yilning 18-iyunida erkinlikka chiqadilar. 20-iyunda Akbarxo'ja amaki bilan Samarqanddan keladilar.

Yodimda, biz bog'da yashardik. Hovlida yursam, kimdir "Abdulla aka keldilar!" deb qichqirdi. Ko'chaga yugurib chiqdim. Dadam va Akbarxo'ja amakilar eshik oldida izvoshdan tushar edilar… Uyimiz sevinchga to'ldi. Bir necha kun uyimizdan mehmonlar arimadi. Ko'p kun o'tmay dadam mulla Zayniddin amaki bilan Qirg'izistonga Arashon (Issiq ota) kurortiga jo'nab ketdilar.

Keyingi choqlarda mulla Zayniddin amaki bilan suhbatlashib bilishimcha, Qodiriyning ozod qilib hibsdan tez chiqarib yuborilishlariga Oxunboboyevning o'zi ham bosh qo'shgan. "Julqunboy hazil qilgan, tahsil ko'rmaganman, o'qishim kerak, javobgar qilmanglar uni", deydi. Bu so'zlarni garchi "birov" gapirsa ham, menimcha, ishonchli gap ko'rinadi. Chunki Oxunboboyev arbob edi. Arbob kibrsiz, adovatsiz, gina-kudratsiz, hasadsiz, har bir ishga (garchi o'z shaxsiga tegishli bo'lsa ham) haqqoniy baho beruvchi odil kimsa bo'lmoqligi qadimlardan aytib kelinadi. Zero bu sifat-xislatlar arbobni yanada ulug'vor, xalq e'tiboriga sazovor qiladi. Axir Oxunboboyev otaning xalq tarafidan hamisha sevilib kelishi ham shundan emasmi? Ota, darhaqiqat: "Meni tanqid qilding", deb Qodiriyga gina-adovat saqlamaydi. Ular, ba'zi xotiralarimda yozganimdek, so'nggi choqlarga qadar bir-birlari bilan samimiy munosabatda bo'ladilar.
O'zbekiston rahbariyatining Samarqanddan Toshkentga ko'chishi. Old planda: Yo'ldosh Oxunboboyev (o'ngda) va Isaak Zelenskiy (chapda), orqa planda o'ngdan birinchi: Fayzulla Xo'jayev. 1930 yil, sentyabr. Volostin kolleksiyasidan.
Habibulla Qodiriyning "Otam haqida" biografik asarida Abdulla Qodiriyning O'zbekiston rahbari Yo'ldosh Oxunboboyev bilan munosabatlarini ochib beruvchi bir necha o'rinlar bor. "Obid ketmon" va "Oxunboboyev bilan uchrashuv" boblaridan olingan o'sha o'rinlarni qisqartirilgan holda e'tiboringizga havola qilamiz.
"Obid ketmon"
"Obid ketmon" 1932−1934-yillarda ijod etilgan qissa yoki uni hajm va qisman mavzu jihatidan roman deyilsa ham bo'lur. Uni yozuvchi yelkasida ryukzak bilan qishloqma-qishloq, yalang oyoq yurib, dalalarni kezib, qo'lida ketmon, paxta chopiqlarida qatnashib, bobodehqonlar bilan suhbatlashib yozgan…

Yodimda, 1932 va 1933-yil yoz oylarida dadam ko'pincha vaqtlarini Toshkent tevaragidagi qishloq-kolxozlarda aylanib o'tkazardilar… Men bu safarlarda dadam bilan birga yurmagan esam-da, qaysi yerlarda ko'proq bo'lganlarini, kimlar bilan uchrashib, nima ishlar qilganlarini o'zlaridan va o'zgalardan bir qadar eshitganim bor. Qodiriy asosan o'zlariga tajriba o'rganish manbai qilib, negadir, Toshkent shimolidagi Ko'kterak qishlog'ini va uning tevaragidagi kolxozlarni tanlab oladilar… Qodiriy ana shu safar davrlarida ko'kteraklik Inog'omjon ismli keksa sohibkor bilan tanishadilar va u bilan to umrlarining oxiirgacha bordi-keldini uzmaydilar…

Qodiriy Ko'kterakka borgan choqlarida Inog'om otani "kishi kuchidan foydalangan" deb sho'roga haqsiz qilishgan, jamoat ishlaridan chetlatib qo'yishgan bo'ladi. Qodiriy ota bilan tanishib, ahvolidan xabardor bo'lgach, uning to'rt-besh tanobgina yeri borligini, yerini asosan o'z qo'l kuchi bilan obod qilganini va sho'roga haqsiz etilishi asossizligini sezadilar. Otaga yerdam qilmoqchi bo'lib, ariza yozadilar-da, bir kun u kishini boshlab, Oxunboboyev oldiga chiqadilar…

Oldin Qodiriy o'zlari huzuriga kirib, Oxunboboyevni Inog'om otaning ahvolotidan xabardor qiladilar, keyin otani chaqirtiradilar. Oxunboboyev so'rashib, u kishini o'tirishga taklif etadi va kulib deydi:

— Ha, sizni sho'roga haqsiz qilib qo'yishdimi?

— Shundoq, ota.

— Kishi kuchidan foydalangansiz-da, bo'lmasa yeringiz katta emas ekan.

— Men kishi kuchidan foydalangan emasman, taqsir, — deydi javob qilib Inog'om ota. — Mening bir emas, ikkita baquvvat-baquvvat xotinim bor. Ana shularning kuch-yordamida bog'imni obod qilganman…

Otaning gapidan Oxunboboyev xaxolab kuladi va arizaga ijobiy javob qiladi…

реклама
реклама
Oxunboboyev bilan uchrashuv
… [1934-yil] yozda, Hamza nomli teatrda dramaturg Komil Yashinning "Tor-mor" pesasi premerasi o'ynaladigan bo'lib, dadamga "Siz ham tushib ko'ring, mulohaza aytarsiz", deb chipta berishadi. Kechlikdan so'ng, dadam meni teatrga birga olib ketdilar. Tomosha "Akmal Ikromov" ("Abdulla Qodiriy") bog'ida "Mirmuhsin" teatrida (u vaqtda yozlik Hamza teatri shunday atalar edi) o'ynalardi. Biz o'yin boshlanishidan 15−20 minut oldinroq borib, ikkinchi qator o'rtasidan joy oldik. Tasodifki, bizdan oldi qatorda Yo'ldosh Oxunboboyev va Ziyo Saidiy (Hamza teatrining direktori), Anqaboy (tanqidchi)lar o'tirishar edi. Oxunboboyev dadamni sezib, o'girilib so'rashdi:

— Dehqonbuva, salomatmisiz, kelgan ekanlar-da?

— Ha, tushgan edik, ota…

Oxunboboyev orqasiga o'girilib so'zlashib o'tirishni noqulay sezdi, shekilli, dadamni yoniga chaqirib oldi. Oxunboboyev xushqomat, cho'ziq yuzli, qoramtir qosh, qisqa moshguruch soqol-murtli, chust do'ppi, jujun kitel va etik kiygan edi. U dadamga dedi:

— "Obid ketmon"ingizni jurnalda o'qib boryapman, mulla Abdulla, menga ma'qul…

— Rahmat.

— Aytganday, ancha bo'ldi, Marg'ilon borganda hamshahar eski do'stlar bilan ko'rishgan edim (ota nomini unutdim — Habibulla Qodiriy), keksa bir kishi "Abdulla Qodiriyni ko'rib turasizmi, salom ayting!" deb edi. U "O'tkan kunlar"ingizni erta-kech o'qir emish…

— Rahmat, ota! Sog' bo'lsin…

Tomosha boshlandi. "Oxunboboyev kelibdi!" deb xabar tarqaldi, shekilli, tanaffus paytlarida sahna yaqiniga ikki tomondan asta-sekin tomoshabinlar kelib, yiroqdan Otani kuzatib keta boshlashdi…
Material ustida Gulira'no Musayeva ishladi.
Muqovadagi illustratsiya muallifi – Eldos Fozilbekov ("Gazeta.uz"); Qodiriy, Oxunboboyev, Ikromov bilan bog'liq illustratsiyalarni Shahzod Ubaydullayev ("Gazeta.uz") tayyorladi.

«Gazeta.uz» internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan by yerda tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting